2024-yil yanvar-fevral oylarida 1,7 mln tonna sement ishlab chiqarilgan

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish materiallari sanoati tahlili va rejalar” haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2016-yilda sohada 8,1 mingta korxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 12,2 mingtaga yetdi. Hozirda Respublikada 185 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

2024-yil yanvar-fevral oylarida 1,7 mln tonna - sement, 3,8 mln kv metr – qurilish oynasi, 4,1 mln kv metr – keramik plitka, 8,2 mln kv. metr – gipsokarton, 452 ming o‘ram – oboy kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Shuningdek, o‘tgan hisobot davrida yangi turdagi, energiya tejamkor qurilish materiallaridan 86 ming metr kub-gazobeton, 504 ming kv. metr*-linoleum, 6,7 ming tonna-issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan 5-yil davomida tarmoqda investitsiya jalb qilish, xususan, xorijiy investitsiyalarni yo‘nalishtirish 2,1 barobarga ortdi. Asosan, mamlakatimizdagi qurilish materiallari sanoatiga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston kabi davlatlardan investorlar qiziqishi ortmoqda. Birgina 2023-yilning o‘zida 2,0 mlrd dollarlik 420 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Natijada, yangi quvvatlar yaratildi, import o‘rnini bosuvchi, yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Eng muhimi 14 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Qurilish materiallari sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari yetakchi sanaladi.

Hozirda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan made in Uzbekistan yorlig‘i ostidagi qurilish materiallariga nafaqat qo‘shni davlatlarda balki Yevropa va Osiyo mintaqasida ham talab oshmoqda. O‘tgan 5-yil davomida eksport hajmi deyarli 4,7 barobarga oshdi. 2016-yilda 60 mln dollarlik qurilish materiallari 23 ta mamlakatga eksport qilingan bo‘lsa, 2023-yilda 654 mln dollarlik mahsulotlar 58 ta davlatga yetkazildi.

Yana bir ma’lumot, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan hukumat topshirig‘iga ko‘ra, qurilish materiallari eksportini yanada oshirish maqsadida bir qator davlatlarda savdo uylarini ochish ko‘zda tutilgan edi. 2023-yilda dastlabki “made in Uzbekistan” savdo uyi  Ozarbayjon davlati poytaxti Boku shahrida ochildi. Joriy yilda esa Qozog‘iston, Turkmaniston  va Tojikiston davlatlarida ham ana shunday savdo maskanlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Albatta, xorijiy hamkor va yangi bozorlarni izlab topishda xalqaro ko‘rgazma va biznes forumlarning o‘rni beqiyos. O‘tgan yillar davomida mahalliy tadbirkorlarimiz Rossiya, Italiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Eron, Tojikiston, Xitoy kabi davlatlardagi xalqaro ko‘rgazmalarda munosib ishtirok etishdi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech