Eksport jarayonida logistika va vagonlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi

News image

Joriy yilning 15-iyul kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “Temir yo‘l kargo” vakillari hamda sement, gipskarton va metal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 ga yaqin eksportyor korxona rahbarlari ishtirokida qurilish materiallari eksportini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan onlayn ochiq muloqot o‘tkazildi.

Muloqot davomida Afg‘oniston bozoriga qurilish materiallari eksportini kengaytirish, logistika zanjirini takomillashtirish hamda eksport jarayonida mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, eksport hajmlarining ortishi munosabati bilan vagonlar yetishmovchiligi, temir yo‘l orqali yuk tashish tariflarini qayta ko‘rib chiqish zarurati, Naibobod temir yo‘l stansiyasida tranzit jarayonlarining sekinlashishi hamda buning natijasida vagonlarning uzoq muddat turib qolishi eksportyor korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

photo_2026-07-15_18-13-26.jpg

Shuningdek, sement ishlab chiqaruvchi eksportyor korxonalarni vagonlar bilan ustuvor tartibda ta’minlash, vagon ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, harakat tarkibidan samarali foydalanish va vagonlar aylanishini jadallashtirish yuzasidan takliflar bildirildi. Bu borada “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi o‘rtasida muntazam axborot almashinuvi va o‘zaro muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida bildirilgan taklif va mulohazalarni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish, logistika sohasidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, eksport jarayonlarini yanada soddalashtirish hamda O‘zbekiston qurilish materiallarining tashqi bozorlarda, xususan Afg‘onistonda raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishga kelishib olindi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech