Sement ishlab chiqarishda jahon tajribasi qo‘llaniladi

News image

Bugun poytaxtimizda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ko‘magida Germaniyaning “KHD HUMBOLDT WEDAG ZAB Zementanlagenbau GmbH Dessau” kompaniyasi tomonidan “Sement ugleroddan tashqari – sement zavodingiz salohiyatini maksimal darajada oshirish” mavzusida texnik seminar bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma rahbariyati, barcha sement ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari ishtirok etishdi.

Dastlab, uyushma boshqaruv raisining maslahatchisi B.Ismailov so‘zga chiqib, mamlakatimizdagi sement ishlab chiqarish jarayoni, sohadagi so‘nggi yangiliklar haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng germaniyalik mutaxassislar tomonidan mahsulot sifatini oshirish, atrof-muhitga karbonat angidrid, azot oksidi va boshqa zararli moddalarning chiqarilishini kamaytirish, energotejamkor tizimlarni joriy etish orqali yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirish, muqobil yoqilg‘i turlarini izlash bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Shu bilan birga maydalash va kuydirishning innovatsion tizimlarini joriy etish, texnologik liniyalarni boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tkazish bilan modernizatsiya qilish, sement uchun mineral qo‘shimchalar ishlab chiqarish va operatorlarni tayyorlash bo‘yicha jahon tajribasi haqida ham ma’lumotlar berildi.

IMG_0738.jpg

Ma’lumki, “KHD HUMBOLDT WEDAG ZAB Zementanlagenbau GmbH Dessau” kompaniyasi sement ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘yicha jahon yetakchisi bo‘lib, sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan loyihalashtirish, uskunalarni o‘rnatish va ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirish bo‘yicha 160-yillik tajribaga ega hisoblanadi. Shu bois mamlakatimiz sement ishlab chiqaruvchilariga jahon tajribasini o‘rnatish, innovatsion texnologik liniyalarni joriy qilish bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida seminar tashkil etildi.

IMG_0744.jpg

Hozirda “KHD HUMBOLDT WEDAG ZAB Zementanlagenbau GmbH Dessau” kompaniyasi “Qizilqumsement” AJda 2 ta texnologik liniyani modernizatsiya qilish bo‘yicha, ya’ni 1- va 2-sonli aylanma pech liniyalarini ishlashini optimallashtirish bo‘yicha ish olib borishmoqda. Ushbu loyiha shu yili foydalanishga topshiriladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikamizda yiliga 32,8 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega 37 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

IMG_0747.jpg

2023-yilda sement ishlab chiqarish hajmi 15,5 mln tonnani tashkil etdi. Respublikadagi mavjud sement zavodlarining 13 tasi korxona gaz yoqilg‘isida, 5 tasi gaz va ko‘mir yoqilg‘isida va 19 tasi esa ko‘mir yoqilg‘isida faoliyat yuritmoqda.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech